Click to listen highlighted text!

Sudyalik lavozimlariga nomzodlar zaxirasiga kiritish uchun hujjatlar ro‘yxati

O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining 2017 yil 17 maydagi 8/17-sonli Qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining Reglamenti 13-moddasiga asosan zaxiraga kiritilishini istagan shaxs (keyingi o‘rinlarda nomzod deb yuritiladi) quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

  1. nomzodning Kengash raisi nomiga yozgan arizasi;
  2. nomzod tomonidan shaxsan to‘ldirilgan so‘rovnoma va tarjimai hol;
  3. Kengash tomonidan belgilangan namunadagi shaxsiy varaqa (obyektivka) va yaqin qarindoshlari (nomzod va uning turmush o‘rtog‘ining ota-onasi, aka-uka va opa-singillari, shuningdek nomzodning farzandlari) to‘g‘risidagi maʼlumotnoma, shu jumladan elektron shaklda;
  4. 3,5×4,5 o‘lchamdagi ikkita fotosurat;
  5. oliy yuridik maʼlumot to‘g‘risidagi diplom va uning ilovasi nusxalari;
  6. mehnat daftarchasining nusxasi;
  7. pasport nusxasi;
  8. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan shakldagi odil sudlovni amalga oshirishga to‘sqinlik qiladigan kasalliklar va jismoniy nuqsonlar yo‘qligi haqidagi hujjat;
  9. oxirgi uch yil davomida bajargan ishlari to‘g‘risida ish joyidan maʼlumot-tavsifnoma;
  10. ish joyidan tavsiyanoma;
  11. katta hayotiy tajribaga va ish stajiga ega bo‘lgan kamida uch nafar huquqshunoslardan fikrnomalar;
  12. nomzod va uning yaqin qarindoshlarining sudlanganlik holati bo‘yicha maʼlumotnoma.

Sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlash tartibi

Bo‘sh sudyalik lavozimlari to‘g‘risidagi axborot Sudyalar oliy kengashining rasmiy veb-saytida joylashtiriladi. Sudyalik lavozimiga birinchi marta tayinlanadigan nomzodlarni ko‘rib chiqish muqobillik asosida amalga oshiriladi.

Zaxiraga kiritilgan sudyalik lavozimiga nomzod o‘qish va stajirovkani muvaffaqiyatli o‘taganidan so‘ng bo‘sh sudyalik lavozimlarini to‘ldirish uchun tanlovda ishtirok etish to‘g‘risida bevosita Kengashga ariza berish huquqiga ega.

Boshqa sudyalik lavozimiga nomzodini ko‘rsatish istagini bildirgan sudya Kengashga ariza va zarur hujjatlarni beradi.

Sudya vakolat muddati tugashiga kamida olti oy qolganda Kengashga yangi vakolat muddatiga ko‘rsatish yoki ko‘rsatishdan voz kechish to‘g‘risida ariza va zarur hujjatlarni beradi.

Tegishli sudyalar malaka hayʼati Kengashga sudyalik lavozimiga nomzod bo‘yicha xulosa taqdim etadi.

Agar sudya o‘zi daʼvogar bo‘lgan lavozim talablariga javob bermasa, Kengash uni quyi sudyalik lavozimiga ko‘rib chiqish masalasini kun tartibiga kiritishga haqli.

Sudyalik lavozimlariga birinchi marta tayinlanadigan nomzodlarni, yangi vakolat muddatiga yoki boshqa sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlashda Kengash tomonidan belgilanadigan tartibda turli o‘rganish usullaridan — suhbat o‘tkazishdan, mustaqil ekspertlar tomonidan test sinovidan o‘tkazishdan, berilgan muammolar bo‘yicha mavzuga oid referatlar tayyorlashdan, ekspress so‘rovlardan foydalanilishi mumkin.

Sudyalik lavozimiga nomunosibligi tufayli o‘ziga nisbatan Kengashning zaxiraga kiritish rad etilganligi to‘g‘risidagi xulosasi chiqarilgan shaxs bir yil o‘tgach, zaxiraga kiritish to‘g‘risida Kengashga ariza bilan takroran murojaat qilishi mumkin.

Zaxiraga kiritish boshqa sabablarga ko‘ra rad etilgan shaxs rad qilish sabablari bartaraf qilinganidan keyingina zaxiraga kiritish to‘g‘risida Kengashga ariza bilan takroran murojaat qilishi mumkin.

(“O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risida”gi Qonun 24-moddasi)

Sudyalar korpusini shakllantirish chog‘ida sudyalik lavozimlariga nomzodlar huquqlarining tengligi

Sudyalar korpusini shakllantirish sudyalik lavozimlariga nomzodlarning jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar, ularning huquqlari tengligi asosida amalga oshiriladi.

(“O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risida”gi Qonun 19-moddasi)

Sudyalik lavozimlariga nomzodlar zaxirasi

Kengash sudyalik lavozimlariga birinchi marta tayinlanadigan nomzodlar zaxirasini (bundan buyon matnda zaxira deb yuritiladi) shakllantiradi.

Zaxiraga kiritilish istagini bildirgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari Kengashga ariza bilan murojaat qilishi mumkin.

Zaxiraga sudyalik lavozimlari uchun zarur bilimga ega bo‘lgan, yetarli hayotiy tajribaga va benuqson obro‘-eʼtiborga ega yuqori malakali yuristlar orasidan o‘ttiz yoshdan kichik bo‘lmagan, oliy yuridik maʼlumotga, yuridik ixtisos bo‘yicha kamida besh yillik ish stajiga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari kiritilishi mumkin.

Quyidagi shaxslar zaxiraga kiritilishi mumkin emas:

  1. muqaddam sudlanganlar;
  2. odil sudlovni amalga oshirishga to‘sqinlik qiladigan kasalliklarga yoki jismoniy nuqsonlarga ega bo‘lganlar;
  3. belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilganlar;
  4. o‘z kasbiy faoliyatiga mos kelmaydigan qilmishlar sodir etganligi uchun vakolatlari oldingi ish joyi bo‘yicha belgilangan tartibda tugatilganlar.
  5. Zaxiraga kiritish sudyalik lavozimiga nomzodning ushbu Qonunda nazarda tutilgan mezonlarga munosibligini o‘rganish va Kengash tomonidan belgilanadigan tartibda o‘tkaziladigan imtihondan muvaffaqiyatli o‘tish natijalariga ko‘ra Kengashning qarori bilan amalga oshiriladi.
  6. Sudyalik lavozimiga nomzod quyidagi hollarda zaxiradan chiqariladi:
  7. zaxiradan chiqarish to‘g‘risida o‘zi ariza berganda;
  8. sudyalik lavozimlariga nomzodlar tayyorlanadigan maxsus kurslarga qabul qilish tanlovidan o‘tmaganda;
  9. uning o‘qish va stajirovka natijalari qoniqarsiz baholanganda;
  10. O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini yo‘qotganda;
  11. unda odil sudlovni amalga oshirishga to‘sqinlik qiladigan kasalliklar yoki jismoniy nuqsonlar paydo bo‘lganda;
  12. belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilganda;
  13. vafot etganda yoki sud qarori bilan vafot etgan deb eʼlon qilinganda;
  14. jinoyat yoki o‘zining shaʼni va qadr-qimmatiga dog‘ tushiruvchi boshqa xatti-harakatlar sodir etganda;
  15. uning sudyalik lavozimiga nomunosibligi haqida xulosa chiqarilganda.

Sudyalik lavozimiga nomzod, agar u uch yildan ortiq muddat davomida sudyalik lavozimiga ko‘rsatilmagan bo‘lsa ham zaxiradan chiqariladi.

(“O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risida”gi Qonun 20-moddasi)

Birinchi marta tayinlanadigan sudyalarni tanlashning asosiy mezonlari

Benuqson obro‘-eʼtibor, halollik, layoqatlilik, yetarli hayotiy tajribaga egalik, odil sudlovni amalga oshirishga to‘sqinlik qiladigan kasalliklarning yoki jismoniy nuqsonlarning mavjud emasligi birinchi marta tayinlanadigan sudyalarni tanlashning asosiy mezonlaridir.

(“O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risida”gi Qonun 21-moddasi)

Sudyalarni yangi vakolat muddatiga va boshqa sudyalik lavozimlariga tanlashning asosiy mezonlari

Sudyalarning sudyalik faoliyati davrida benuqson obro‘-eʼtiborga ega bo‘lishi, halolligi, xolisligi, adolatliligi va layoqatliligi sudyalarni yangi vakolat muddatiga va boshqa sudyalik lavozimlariga tanlashning asosiy mezonlaridir.

Kengash yangi vakolat muddatiga tayinlanadigan sudyalik lavozimiga nomzodni ko‘rib chiqishda ushbu nomzod tomonidan qabul qilingan sud qarorlarining barqarorligini, odil sudlovni amalga oshirish va qonun hujjatlari normalarini qo‘llash borasida yetarli tajribaga ega ekanligini, shuningdek jamoatchilikning uning kasbiy faoliyati haqidagi fikrini inobatga oladi.

(“O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risida”gi Qonun 22-moddasi)

Sudyalik lavozimiga nomzodning tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilishi

Sudyalik lavozimiga nomzodda odil sudlovni amalga oshirishga to‘sqinlik qiladigan kasalliklar yoki jismoniy nuqsonlar mavjud emasligini tasdiqlash uchun u dastlabki tibbiy tekshiruvdan o‘tkaziladi. Odil sudlovni amalga oshirishga to‘sqinlik qiladigan kasalliklarning va jismoniy nuqsonlarning ro‘yxati Kengashning va O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining qo‘shma qarori bilan tasdiqlanadi. Odil sudlovni amalga oshirishga to‘sqinlik qiladigan kasalliklar va jismoniy nuqsonlar yo‘qligi haqidagi hujjatning shakli O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.

(“O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risida”gi Qonun 23-moddasi)

Sudyalarning kasbiy tayyorgarligini tashkil etish

Sudyalarning kasbiy tayyorgarligini tashkil etish sudyalarni o‘qitish va ularning malakasini oshirish, shuningdek sudyalarni qonun hujjatlaridagi oxirgi o‘zgartishlar hamda zamonaviy huquqni qo‘llash amaliyoti bilan tanishtirish maqsadida amalga oshiriladi.

Kengash sudyalarning kasbiy tayyorgarligini tashkil etishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Adliya vazirligi, O‘zbekiston sudyalar assotsiatsiyasi, ilmiy muassasalar, jamoatchilik vakillari va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi.

Sudyalar malakasini oshirish tadbirlari sudyalar faoliyatini o‘rganish va baholash natijalariga ko‘ra, odil sudlovni amalga oshirishda aniqlangan tizimli kamchiliklar hisobga olingan holda tashkil etiladi.

(“O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risida”gi Qonun 25-moddasi)

#thegov_button_675ca0281fcf8 { color: rgba(255,255,255,1); }#thegov_button_675ca0281fcf8:hover { color: rgba(255,255,255,1); }#thegov_button_675ca0281fcf8 { border-color: rgba(49,49,49,0); background-color: rgba(48,98,198,1); }#thegov_button_675ca0281fcf8:hover { border-color: rgba(49,49,49,0); background-color: rgba(38,83,172,1); } Skip to content Click to listen highlighted text!