Click to listen highlighted text!

KONSTITUTSIYA TARG‘IBOTIGA MAS’ULMIZ

photo_2024-11-05_17-08-48

Prezidentimizning 2024-yil 17-oktyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi Farmoyishi bilan biz, sudyalar zimmasiga ham yuksak mas’uliyat yuklatildi. Avvalo, Asosiy Qonunimizning 32-yillik tantanalari “Konstitutsiya — erkin va farovon hayot garovi!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan holda o‘tkazilishini ta’kidlash lozim.

Bayram dasturida sudlar tomonidan amalga oshirilishi belgilangan targ‘ibot tadbirlari ham o‘rin olgan. Xususan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz mazmun-mohiyati va “O‘zbekiston — 2030” strategiyasining asosiy ustuvor yo‘nalishlari doirasida belgilangan tub islohotlar haqida mahallalar, taʼlim va mehnat jamoalarida turkum maʼrifiy uchrashuv va suhbatlar o‘tkaziladi.

Bunda so‘nggi yillarda sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va bu borada erishilayotgan natijalarni mustahkamlashda yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning o‘rni va rolini hamyurtlarimizga xalqchil tilda tushuntirib berishimiz talab etiladi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023 yil 23 iyundagi “Odil sudlovni amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi normalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi 16-sonli qarori adolatli sud hukmlarini qabul qilishimizda muhim asos bo‘lmoqda.

Bundan tashqari bayram munosabati bilan konstitutsiyaviy huquqlar bo‘yicha sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar burchaklari tashkil etilishi belgilangan. Shu orqali biz “Konstitutsiya — erkin va farovon hayot garovi!” shiorining mohiyati hamda ahamiyatini, yangi tahrirdagi Konstitutsiya asosida inson huquq va erkinliklari sohasida mutlaqo yangi bosqichga o‘tilganini hayotiy misollar asosida ko‘rsatib berishimiz zarur.

Sudlar zimmasidagi yana bir muhim masʼuliyat – fuqarolar kundalik hayotida ko‘p uchraydigan vaziyatlarda Konstitutsiya normalarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llanishini jamoatchilikka yetkazishdir. Daxldor tashkilot va muassasalar shahar, tuman markazlaridagi davlat organlari binolariga o‘quvchi va talabalarni sayohatga olib kelishlari ham qayd etilganini hisobga olib, sudlarning eshigi yoshlarimiz uchun ochiq ekanini taʼkidlaymiz.

Shuningdek, “Konstitutsiya oyligi” doirasida sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari uchun Konstitutsiyamizning qoida hamda normalarini chuqurlashtirib o‘rgatishga qaratilgan o‘quv-seminarlar o‘tkazish ham rejalashtirilgan. Ayni tadbirlar sudyalarning Asosiy Qonunimizga oid bilimlarini yana-da oshirish va mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.

Kezi kelganda yurtdoshlarimizga Bosh Qomusimizning ayrim normalarini yana bir karra eslatib o‘tishni lozim topdik. Konstitutsiyamizning 15- va 54-moddalariga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasida Konstitutsiya va qonunlarning ustunligi so‘zsiz tan olinadi. Insonning huquq va erkinliklarini taʼminlash davlatning oliy maqsadidir. Davlat inson hamda fuqaroning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquqlari va erkinliklarini taʼminlaydi.

Shuningdek, Bosh Qomusimizning 59- va 60-moddalarida barcha fuqarolar Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan burchlarini bajarishlari, fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga rioya etishga, boshqa insonlarning huquqlari, erkinliklari, shaʼni va qadr-qimmatini hurmat qilishga majbur ekanliklari ham belgilangan.


Xulosa o‘rnida bir taklifni aytib o‘tmoqchiman. Yaʼni maktabgacha va boshlang‘ich taʼlimda Konstitutsiya saboqlarini yana-da takomillashtirish zarur. Bu boradagi bilimlarni bolajonlarga rasmlar hamda ko‘rgazmali qurollar asosida tushuntirishni yo‘lga qo‘yish, albatta, o‘zining ijobiy samara beradi. Qolaversa, daftar muqovalari hamda boshqa o‘quv qurollarini turli suratlar bilan emas, balki Konstitutsiyamizda aks etgan huquq va erkinliklarimiz, fuqarolik burchlarimiz, oila, ona tabiat, ota-ona va farzand o‘rtasidagi munosabatlarga oid moddalar bilan bezasak, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Nodirjon KIMSANOV,

jinoyat ishlari bo‘yicha

Kosonsoy tumani sudi sudyasi

#thegov_button_676945ce27d01 { color: rgba(255,255,255,1); }#thegov_button_676945ce27d01:hover { color: rgba(255,255,255,1); }#thegov_button_676945ce27d01 { border-color: rgba(49,49,49,0); background-color: rgba(48,98,198,1); }#thegov_button_676945ce27d01:hover { border-color: rgba(49,49,49,0); background-color: rgba(38,83,172,1); } Skip to content Click to listen highlighted text!