Click to listen highlighted text!

“Sudlar to‘g‘risida”gi hamda “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining farmoyishi bilan tasdiqlangan jadvalga asosan, jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini (keyingi o‘rinda “fuqarolar” deb yuritiladi) qabul qilish Oliy sud rahbariyati va boshqa vakolat berilgan shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.

Fuqarolar qabulga kirish uchun Oliy sudning fuqarolar qabulxonasida ariza (iltimosnoma) va unga ilova qilinadigan hujjatlarni topshirishi lozim.

Fuqarolar Oliy sud raisining qabuliga Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari yoki o‘rinbosarlari tomonidan sud qarorlariga nisbatan nazorat tartibida protest keltirish rad etilganligi haqidagi javob xatidan norozi bo‘lsa kiritiladi.

 

Jinoyat ishlari bo‘yicha murojaat qilayotgan fuqarolar diqqatiga!

 

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 4972, 498, 510-moddalari talablariga binoan hukm, ajrim, qaror ustidan apellyatsiya, kassatsiya shikoyati va nazorat tartibida iltimosnoma berish huquqiga:

  • mahkum, uning himoyachisi, qonuniy vakili, shuningdek, jabrlanuvchi, uning vakili;

  • sud qarorlarining fuqaroviy daʼvoga daxldor qismi ustidan fuqaroviy daʼvogar, fuqaroviy javobgar va ularning vakillari ega.

  • Sudda oqlangan shaxs, uning himoyachisi va qonuniy vakili hukmning oqlash sabablari va asoslariga doir qismi ustidan shikoyat berishga haqlidir.

  •   Ishda taraf bo‘lmagan shaxslar ham sud hukmining o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor qismi ustidan shikoyat berishga haqlidir.

 

Maʼmuriy ishlar bo‘yicha murojaat qilayotgan fuqarolar diqqatiga!

 

O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 314-moddasiga asosan maʼmuriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish yuzasidan qaror chiqarilgan shaxs, jabrlanuvchi, ularning qonuniy vakillari va advokat tomonidan shikoyat berilishi mumkin.

 

Fuqarolik ishlari bo‘yicha murojaat qilayotgan fuqarolar diqqatiga!

 

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik-protsessual kodeksining 373, 383, 403, 422-moddalari talablari bo‘yicha hal qiluv qarori, ajrim, qaror ustidan apellyatsiya, kassatsiya shikoyati va nazorat tartibida ariza berish huquqiga:

  • taraflar va ishda ishtirok etishga jalb qilingan boshqa shaxslar, shuningdek ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, ammo huquq va majburiyatlari haqidagi masala sud tomonidan hal etilgan shaxslar;

  • vakolatlari qonunda belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan ishonchnomasi bo‘lgan vakillar ega.

 

Iqtisodiy ishlar bo‘yicha murojaat qilayotgan fuqarolar diqqatiga!

 

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining talablari bo‘yicha iqtisodiy sudlarning hal qiluv qarori, ajrim, qarorlari ustidan apellyatsiya, kassatsiya va nazorat shikoyati berish huquqiga ishda ishtirok etuvchi shaxslar, shuningdek ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, ammo huquqlari va majburiyatlari to‘g‘risida sud qaror qabul qilgan shaxslar haqlidir.

 

Eslatma!

 

  • Oliy sudning fuqarolar qabulxonasiga shaxsini tasdiqlovchi hujjat taqdim qilgan jismoniy shaxslar hamda yuridik shaxslarning vakillari kiritiladi;

  • fuqarolar o‘zlari bilan uyali telefon, videokamera, fotoapparat, noutbuk va boshqa texnika vositalari hamda har xil buyumlar olib kirishi maʼn etiladi;

  • Oliy sudga nazorat tartibida protest keltirish to‘g‘risidagi ariza (iltimosnoma)ga muayyan ish bo‘yicha birinchi, apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyalari sud qarorlari nusxalari yoki sud qarorlariga nisbatan protest keltirish rad etilganligi haqidagi javob xatining nusxasi ilova qilinishi shart;

  • fuqarolik ishlari bo‘yicha davlat boji to‘langanligi to‘g‘risidagi hujjatning asl nusxasi ilova qilinishi lozim (davlat boji to‘lashdan ozod etilgan yoki Oliy sudga aynan bir ish bo‘yicha takroran murojaat qilgan fuqarolar bundan mustasno);

  • ariza (iltimosnoma) beruvchiga javob xatlari, protest va ajrim nusxalari ko‘rsatilgan manziliga pochta orqali yuboriladi;

  • sud qarorlarining ijrosi to‘xtatib turilganda va to‘xtatib turish bekor qilinganda manfaatdor shaxslarga, tashkilotlarga, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarga maʼlum qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining yuridik manzili: 100186, Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, Abdulla Qodiriy ko‘chasi, 1-uy.

#thegov_button_673f11bdbd3bc { color: rgba(255,255,255,1); }#thegov_button_673f11bdbd3bc:hover { color: rgba(255,255,255,1); }#thegov_button_673f11bdbd3bc { border-color: rgba(49,49,49,0); background-color: rgba(48,98,198,1); }#thegov_button_673f11bdbd3bc:hover { border-color: rgba(49,49,49,0); background-color: rgba(38,83,172,1); } Skip to content Click to listen highlighted text!